Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

05 Dekabr 2024

Davaktiv agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni hamda Aksilkorrupsiya oyligi doirasida davra suhbati oʻtkazildi

Joriy yilning 5-dekabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi hamda “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish” kuniga bagʻishlangan “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” hamda Aksilkorrupsiya oyligi doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir” mavzularida davra suhbati oʻtkazildi.

Davra suhbatida, Davaktiv agentligi direktori oʻrinbosari, Agentlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari rahbar va xodimlari, shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuratura boshqarmasi katta prokurori Sh.Haqberdiyev, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi N.Samandarova hamda Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori S.Niyozova ishtirok etishdi.

Direktor oʻrinbosari yangilangan Konstitutsiyamizning xalqimiz hayotidagi ahamiyati, undagi asosiy tushunchalar, Oʻzbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi, bu esa – mamlakatimizning taraqqiyot yoʻli va taqdirini, uning kelajagini belgilab berishini taʼkidladi.

Bundan tashqari, mamlakatimizdagi barcha sohalarda, jumladan, Davaktiv agentligining asosiy yoʻnalishlarida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, xizmat koʻrsatishda inson omilini kamaytirish va raqamlashtirish orqali tizimda korrupsiyaning oldini olish, bunga imkon yaratuvchi omillarni bartaraf etishga alohida ahamiyat qaratilayotganligini qayd etib, Davaktiv agentligi tomonidan bu borada amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida fikrlarini bildirdi.

Shundan soʻng, Toshkent davlat yuridik universiteti professori, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi hamda Bosh prokuratura boshqarmasi katta prokurori soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangilanish tarixi, uning xalqimiz hayotida tutgan oʻrni, shuningdek korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish sohasidagi islohotlar, uning huquqiy asoslari, xalqaro reyting va indekslar, hamda xalqaro davlatlar tajribalari, manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etish haqida ishtirokchilarga maʼlumot berdi.

Tadbir soʻngida, Davaktiv agentligi tizim xodimlarining Konstitutsiya va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan “Tafakkur” intellektual oʻyini oʻtkazilib, gʻoliblar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Davaktiv agentligi tomonidan bu boradagi ishlar kelgusida ham davom ettirilib, tizimda korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvining har qanday koʻrinishiga murosasiz kurash olib borish, korrupsiya xavfini kamaytirish, koʻrsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirish borasidagi ishlar davom ettiriladi.

1098 Chop etish