Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

30 Sentyabr 2024

“International” mehmonxonasini xususiylashtirish jarayoni yuzasidan axborot

Avval maʼlum qilinganidek, “InterHotel” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – "Aktiv") xususiylashtirish jarayonining Majburiyatga ega boʻlmagan takliflarni (NBO) qabul qilish bosqichi boshlangan.

Ushbu Aktivni xususiylashtirish jarayonini ilgʻor xalqaro tajriba asosida amalga oshirish uchun “Deloitte” xalqaro kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) xususiylashtirish boʻyicha Konsultant hamda “Ernst & Young” xalqaro kompaniyasi mustaqil baholovchi sifatida jalb etilgan.

Mazkur bosqichda Konsultant tavsiyasiga koʻra 6 nafar investorlar ishtirok etgan hamda ular bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanib, majburiyatga ega boʻlmagan tijorat takliflarini tayyorlash uchun yetarli boʻlgan maʼlumotlar, jumladan “Deloitte” kompaniyasi tomonidan tayyorlangan Aktiv faoliyati toʻgʻrisidagi tahliliy maʼlumotlar saqlanadigan virtual maʼlumotlar xonasiga (VDR) kirish imkoniyati yaratilgan.

Natijada, ushbu bosqichda belgilangan muddat 2024-yil 26-sentabrga qadar, Konsultantga 4 nafar talabgorlardan Majburiyatga ega boʻlmagan takliflari (NBO) kelib tushgan.

Konsultant tomonidan mazkur takliflar oʻrganilib, barcha talabgorlarning takliflari Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO) qabul qilish bosqichining talablariga muvofiq deb topilib, xususiylashtirish jarayonining navbatdagi Majburiyatga ega boʻlgan takliflarini (BO) qabul qilish bosqichiga oʻtkazish taklif etildi.

Shunga koʻra, Konsultant tomonidan Majburiyatga ega boʻlmagan takliflari (NBO) bosqichida taklif bergan barcha talabgorlarga individual ravishda xabarnoma yuboriladi va jarayon xati “Process letter” orqali navbatdagi bosqich toʻgʻrisida batafsil maʼlumot beriladi.

Navbatdagi bosqich toʻgʻrisida maʼlumot:

Talabgorlarga Majburiyatga ega boʻlgan takliflarini (BO) tayyorlash uchun Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktivning moliyaviy, yuridik va operatsion faoliyati toʻgʻrisidagi kompleks oʻrganish hisobotlari (due diligence) joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish va Aktivga tashrif buyurgan holda boshqaruv organiga savol berish imkoniyati imkoniyati beriladi.

Konsultant tomonidan Aktivni sotib olish narxi boʻyicha Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) 2024-yil 21-oktabr soat 23:59 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar qabul qilinadi.

Shu bilan birga, mazkur muddatga qadar talabgorlar tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali Majburiyatga ega boʻlgan takliflarining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov (zakalat) sifatida oʻtkazish talab etiladi. Bunda, mazkur kafolat toʻlovi (zakalad) jarayon yakunida ishtirokchilarga qaytariladi, xususiylashtirish jarayoni gʻolibi boʻlgan talabgorning kafolat toʻlovi (zakalati) – sotib olish toʻlovining bir qismi sifatida Xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.

“E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinet va hisob-raqam koʻrsatkichlari Konsultant tomonidan ishtirokchilarga yuboriladigan jarayon toʻgʻrisidagi individual xat (process letter) orqali yetkaziladi.

Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Majburiyatga ega boʻlmagan takliflarni (NBO) qabul qilish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan jarayonning navbatdagi bosqichida konstruktiv hamkorlikka ishonch bildiradi.

Diskleymer:

Davaktiv agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davaktiv agentligi va “Deloitte”ning Aktivni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davaktiv agentligi va “ Deloitte” oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;

(ii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davaktiv agentligi va “Deloitte” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iii) aniq bir sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;

(iv) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni olib borish/tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

7370 Chop etish