Bugun, 7 iyul kuni “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasi bilan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishi, shuningdek, ayrim harflarning qo‘llanilishiga aniqlik kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan qonun loyihasining amaliyotda samarali va bosqichma-bosqich joriy etilishini ta’minlashga qaratilgan qator takliflar bildirilgan.
Xususan, qonun kuchga kirguniga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning amal qilishi saqlab qolinishi, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarining ramziy belgilari, peshlavha va ko‘rsatkichlari hamda boshqa atributlardan belgilangan muddatgacha foydalanish tartibi nazarda tutilgan.
Bildirilishicha, mazkur yondashuv davlat organlari va tashkilotlarida amalda foydalanilayotgan hujjatlar, blankalar, peshlavhalar, ko‘rsatkichlar va boshqa moddiy vositalarni bir vaqtning o‘zida almashtirish zaruratini bartaraf etadi. Natijada davlat byudjeti mablag‘larining asossiz sarflanishining oldi olinadi, qo‘shimcha davlat xarajatlari yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda alifbodagi o‘zgarishlarni amalga oshirish davlat organlari va tashkilotlari uchun moliyaviy jihatdan maqbul, bosqichma-bosqich tartibda ta’minlanadi.
Majlisda qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini va imlo qoidalarini yanada takomillashtirishga hamda davlat tilini qo‘llash va raqamlashtirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilingan va Senatga yuborilgan.

