Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

14 Avgust 2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 6-avgustda qabul qilingan

Senat tomonidan 2026-yil 7-avgustda ma’qullangan

 

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning maqsadi

Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining (bundan buyon matnda Administratsiya deb yuritiladi) faoliyatini tartibga solishdan iborat.

 

2-modda. Administratsiya to‘g‘risidagi qonunchilik

Administratsiya to‘g‘risidagi qonunchilik O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Konstitutsiyaviy Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

 

3-modda. Administratsiyaning huquqiy maqomi

Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat boshlig‘i sifatida davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini va hamkorligini ta’minlashiga ko‘maklashadigan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydigan davlat organidir.

Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosi doirasida davlat organlarining va tashkilotlarining, davlat ishtirokidagi korxonalarning (bundan buyon matnda davlat organlari va tashkilotlari deb yuritiladi) faoliyatini muvofiqlashtiradi, mazkur hujjatlarning ijrosini monitoring qiladi va nazoratini tashkil etadi.

Administratsiya o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va unga hisobdordir.

Administratsiya yuridik shaxs hisoblanadi, u O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga ega bo‘ladi.

 

4-modda. Administratsiya faoliyatining asosiy prinsiplari

Administratsiya faoliyatining asosiy prinsiplari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi, inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligi, xolislik, mustaqillik, ochiqlik hamda shaffoflikdan iborat.

 

5-modda. Administratsiyani shakllantirish

Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantiriladi.

Administratsiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Administratsiya Rahbari boshchilik qiladi.

Administratsiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan asosiy yo‘nalishlar doirasida amalga oshiradi.

Administratsiya Rahbari va uning shartnoma asosida jalb qilinadigan maslahatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi, Administratsiya Rahbarining o‘rinbosarlari, Administratsiya Rahbari kotibiyati mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari, ularning birinchi o‘rinbosarlari va o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillari, Administratsiya tarkibiy bo‘linmalarining boshliqlari hamda ularning birinchi o‘rinbosarlari va o‘rinbosarlari Administratsiyaning mansabdor shaxslari (bundan buyon matnda Administratsiyaning mansabdor shaxslari deb yuritiladi) hisoblanadi.

Administratsiya boshqaruv va xizmatchi xodimlarining lavozimlari ro‘yxati Administratsiya to‘g‘risidagi nizomda belgilanadi.

Administratsiyaning reglamenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat organlari va tashkilotlari to‘g‘risidagi nizomlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, Administratsiya to‘g‘risidagi nizom, Administratsiya huzuridagi davlat organlari va tashkilotlari to‘g‘risidagi nizomlar, Administratsiya tarkibiy bo‘linmalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va Administratsiya xodimlarining shtatlar jadvali Administratsiya Rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

Administratsiyaning tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlar, Administratsiya xodimlarining funksional vazifalari va Administratsiya tarkibiy bo‘linmalarining tuzilmalari Administratsiya tarkibiy bo‘linmalarining boshliqlari tomonidan tasdiqlanadi.

 

6-modda. Administratsiyaning asosiy vazifalari

Administratsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash;

mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi holatini tahlil qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash hamda yangi muhim tashabbuslarni ishlab chiqish;

mamlakatda qonuniylikni va huquq-tartibotni, fuqarolarning huquq va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishini ta’minlashga hamda sud-huquq tizimini isloh qilishga ko‘maklashish;

huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, kuch ishlatishga vakolatli tuzilmalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlari, mansabdor shaxslar faoliyatini muvofiqlashtirish;

davlat ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari, O‘zbekiston Respublikasining suverenitetini himoya qilish, uning xavfsizligini va hududiy yaxlitligini ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq va to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni tashkil etish hamda xalq farovonligini yuksaltirish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilish huquqlari amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratish;

davlat hokimiyati vakillik organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etishda ularning rolini kuchaytirishga qaratilgan samarali hamkorlikni tashkil etish, umummilliy hamjihatlikni mustahkamlash;

yagona davlat kadrlar siyosati amalga oshirilishini va davlat xizmati ishlarining boshqarilishini ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Administratsiya huzuridagi davlat organlari va tashkilotlarining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlarini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi maslahat-kengash organlarining faoliyatini tashkil etish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan muvofiqlashtirilishini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qonunchilik siyosati sohasidagi vakolatlari amalga oshirilishini tashkil etish va ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining inson huquqlariga va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga rioya etilishining kafili sifatidagi, davlat suverenitetini, xavfsizligini va hududiy yaxlitligini ta’minlash vakolatlari amalga oshirilishini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini va hamkorligini ta’minlash bo‘yicha vakolatlari amalga oshirilishini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro munosabatlar bilan bog‘liq faoliyatiga oid vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqi amalga oshirilishini ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolik va siyosiy boshpana berish, amnistiya va sudlar tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etishga oid masalalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlash;

qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining, Administratsiya Rahbari farmoyishlari va topshiriqlarining ijro etilishini tashkil etish, nazoratini olib borish hamda ularni amalga oshirishga ko‘maklashish.

 

2-bob. Administratsiyaning faoliyatini tashkil etish

7-modda. Administratsiyaning asosiy vakolatlari

Administratsiya o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi asosiy vakolatlarga ega bo‘ladi:

Administratsiyaga belgilangan tartibda kiritilgan qonunchilik hujjatlarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari loyihalarini yakuniy ishlab chiqishni tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Administratsiya Rahbarining farmoyishlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarini mustaqil ravishda ishlab chiqish;

mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlarini o‘rganish hamda takliflar ishlab chiqish uchun davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari, shu jumladan hokimlar boshchiligida ishchi komissiyalar va ishchi guruhlar tuzish;

zarur materiallar va ma’lumotlarni davlat organlari va tashkilotlaridan so‘rash hamda olish, shu jumladan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda doimiy asosda olish, barcha davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan, ma’lumotlar bazalaridan, axborot-ma’lumot qaydlaridan, arxivlaridan, ma’lumotlarga ishlov berishning avtomatlashtirilgan tizimlaridan hamda boshqa axborot resurslaridan foydalanish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Administratsiya huzuridagi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish;

davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar hamda topshiriqlar berish, ularning bajarilishi va natijalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot talab qilish;

qonunlarni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlarini, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarini, Administratsiya Rahbarining farmoyishlari va topshiriqlarini amalga oshirish yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘rganish, shuningdek o‘rganish natijalari bo‘yicha materiallarni aniqlangan qoidabuzarliklarni va kamchiliklarni bartaraf etish uchun ushbu davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlariga yuborish;

davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari faoliyati samaradorligini, ular tomonidan qonunlarning va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining, Administratsiya Rahbari farmoyishlari va topshiriqlarining ijrosini ta’minlash holatini baholash, shuningdek bu borada o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun ushbu mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan masala yuzasidan tashabbus ko‘rsatish;

davlat organlari va tashkilotlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning ijrosi va ularga biriktirilgan tarmoq (soha) bo‘yicha aniq natijalarga erishishning borishini ko‘rib chiqish hamda muhokama qilish maqsadida navbatdan tashqari hay’atlarni (yig‘ilishlarni) chaqirish yuzasidan takliflar kiritish;

axborot-tahliliy materiallarni, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash doirasida davlat organlari va tashkilotlarining, shuningdek boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini va mutaxassislarini jalb etish;

davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini tashkil etish hamda qonunchilik hujjatlari bilan ushbu tuzilmalar zimmasiga yuklatilgan vazifalarning ular tomonidan amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;

Administratsiyaga ishga qabul qilish uchun nomzodlarni davlat organlaridan va tashkilotlaridan mustaqil ravishda tanlab olishni amalga oshirish;

jismoniy va yuridik shaxslarning Administratsiyaga kelib tushadigan murojaatlari ko‘rib chiqilishini, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi tomonidan ko‘rib chiqilishini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan mukofotlash, ko‘krak nishonlari bilan taqdirlash uchun nomzodlarning o‘rganilishini tashkil etish;

o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini ta’minlash sohasidagi davlat sirlarini tashkil etuvchi arxiv ma’lumotlarini hamda boshqa ma’lumotlarni saqlash, rasmiylashtirish, ulardan foydalanish va ularni berishning alohida tartibini belgilash, zarur axborot tizimlarini yaratish, shuningdek maxfiylik rejimini mustaqil ravishda ta’minlash, unga rioya etilishini nazorat qilish hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bajarilishini tekshirish tadbirlarini tashkil etish.

Administratsiya qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

 

8-modda. Administratsiya Rahbarining huquqiy maqomi

Administratsiyaning faoliyati mazkur Konstitutsiyaviy Qonun va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Administratsiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarga va asosiy yo‘nalishlarga muvofiq Administratsiya Rahbari tomonidan tashkil etiladi hamda muvofiqlashtiriladi.

Administratsiya Rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan vakolatlarini, shu jumladan davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini va hamkorligini ta’minlashga oid vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashni tashkil etish uchun mas’ul mansabdor shaxs hisoblanadi.

 

9-modda. Administratsiya Rahbarining vakolatlari

Administratsiya Rahbari:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat boshlig‘i sifatida davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlashga oid faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashga rahbarlik qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muvofiqlashtiruvida Administratsiya faoliyatiga rahbarlik qiladi, Administratsiya tarkibiy bo‘linmalarining tizimli faoliyatini ta’minlaydi, Administratsiyaning faoliyatini tashkil etishga doir farmoyishlar chiqaradi;

Administratsiyaning tashkiliy tuzilmasiga qo‘shimcha shtat birliklarini kiritadi va qisqartiradi, tegishli sohalar va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislarini tashkil etadi hamda tugatadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari (bundan buyon matnda Oliy Majlis palatalari deb yuritiladi), sud hokimiyati hamda sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorligini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash choralarini ko‘radi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar hamda kuch ishlatishga vakolatli tuzilmalar faoliyatiga oid vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlash choralarini ko‘radi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari faoliyatini nazorat qiladi, muvofiqlashtiradi hamda uning natijadorligini baholashni tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga o‘z vakolatlari doirasida topshiriqlar beradi hamda ularning ijrosini tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti uchun axborot-tahliliy va tashkiliy materiallarni tayyorlashni tashkil etadi, jamiyat va davlat hayoti uchun muhim bo‘lgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tahliliy axborot kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-kengash organlari faoliyatini tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qonunchilik tashabbusi huquqlari amalga oshirilishini ta’minlash choralarini ko‘radi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy tusdagi va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlashni muvofiqlashtiradi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan qonun loyihalarini Oliy Majlis palatalarida ko‘rib chiqish jarayonlarida o‘z vakillari orqali ishtirok etadi;

respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida ma’muriy islohotlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi, shuningdek davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi;

davlat organlari va tashkilotlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishishi talab etiladigan masalalarni ko‘rib chiqishni tashkil etadi;

hududiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirishni muvofiqlashtiradi va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi holatini monitoring qiladi, shuningdek hududlarni rivojlantirishdagi tizimli muammolarni hal etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;

respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarini qabul qiladi, ularni lozim darajada bajarmagan mansabdor shaxslarga nisbatan lavozimdan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy ta’sir choralarini qo‘llashni tashkil etadi, ushbu masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi;

davlat organlari uchun asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari tizimining joriy etilishiga va amal qilishiga ko‘maklashadi;

belgilangan tartibda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalarining huquqiy, moliyaviy, korrupsiyaga qarshi hamda boshqa turdagi ekspertizalarini tashkil etadi;

jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga kelib tushgan murojaatlariga oid masalalar bilan bog‘liq ishlarning, shuningdek davlat siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikri monitoringining amalga oshirilishini, aholi va tadbirkorlik subyektlarining dolzarb muammolari o‘rganilishini tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga ko‘ra mamlakat ichida va xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti manfaatlarini ifoda etadi, xalqaro muzokaralar va tadbirlarda ishtirok etadi;

Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlari bilan bog‘liq faoliyatini tartibga solishga hamda bu borada ularning faoliyatini tashkil etishga oid normativ-huquqiy hujjat tusiga ega farmoyishlarni imzolaydi;

tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari lavozimlariga nomzodlar bo‘yicha hamda ushbu lavozimdagi rahbarlarni ozod etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan tartibga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslarini lavozimga tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi, shuningdek davlat kadrlar siyosati amalga oshirilishini tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan masalalar bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishini muvofiqlashtiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan tartib asosida davlat organlari va tashkilotlarida komplayens nazorati xizmati tuzilmalarini, shuningdek ular rahbarlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari (maslahatchi) lavozimlarini joriy etadi va tugatadi;

Administratsiya majlislarida raislik qiladi, ularda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan topshiriqlarning bayonnomalarini imzolaydi;

Administratsiyaning mansabdor shaxslarini, boshqaruv va xizmatchi xodimlarini qonunchilikda belgilangan tartibda xorijiy davlatlarga xizmat safarlariga yuboradi.

Administratsiya Rahbari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Administratsiya Rahbari o‘ziga taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqib, takliflar tayyorlashda, Administratsiya Rahbarining topshiriqlari amalga oshirilishini tashkil etish va ijrosini nazorat qilib borishda, Administratsiya faoliyatining markazlashgan holda boshqarilishini ta’minlashda hamda boshqa vazifalarni amalga oshirishda ko‘maklashish uchun shartnoma asosida mustaqil maslahatchilarni jalb qilishi mumkin.

 

10-modda. Administratsiyaning tarkibiy bo‘linmalari

Administratsiya Rahbarining kotibiyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qabulxonasi, Administratsiya Rahbarining o‘rinbosarlari bo‘linmalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari va vakillari bo‘linmalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti protokoli, Administratsiya departamentlari, Komplayens xizmati, Ishlar boshqarmasi va Administratsiyaning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi boshqa bo‘linmalar Administratsiyaning tarkibiy bo‘linmalaridir.

Administratsiya tarkibiy bo‘linmalarining asosiy vazifalari, faoliyati yo‘nalishlari va ish tartibi Administratsiya Rahbari tomonidan tasdiqlanadigan Administratsiya to‘g‘risidagi nizom bilan belgilanadi.

Administratsiya tarkibiy bo‘linmalarining maqsadli ish faoliyati har yili Administratsiya Rahbari tomonidan tasdiqlanadigan hamda Administratsiyaning tarkibiy bo‘linmalari uchun choraklik, yarim yillik va yillik amaliy natijalarni o‘zida aks ettiradigan Administratsiyaning faoliyat dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.

Administratsiyada ish yuritish Administratsiya Rahbari tomonidan tasdiqlanadigan Hujjatlar bilan ishlash qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Administratsiya huzurida tegishli sohalar va faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari tashkil etilishi mumkin.

 

11-modda. Administratsiyaning mansabdor shaxslarini, boshqaruv va xizmatchi xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish

Administratsiya Rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi, Administratsiya Rahbarining o‘rinbosarlari, Administratsiya Rahbari kotibiyatining mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillari, Administratsiyaning boshqa tarkibiy bo‘linmalari boshliqlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan tartib asosida lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilarining birinchi o‘rinbosarini va o‘rinbosarlarini hamda Administratsiya tarkibiy bo‘linmalari boshliqlarining birinchi o‘rinbosarini va o‘rinbosarlarini, Komplayens xizmati boshlig‘ini, Kanselyariya mudirini hamda Administratsiyaning boshqaruv va xizmatchi xodimlarini, shuningdek Administratsiya huzuridagi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarini hamda ularning o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish Administratsiya Rahbari tomonidan amalga oshiriladi.

Administratsiyaning mansabdor shaxslariga, boshqaruv va xizmatchi xodimlariga Administratsiya reglamentida belgilangan tartibda xizmat guvohnomasi beriladi.

Xizmat guvohnomasi xodimning Administratsiyaga mansubligini, uning shaxsini va lavozimini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.

Xizmat guvohnomasi Administratsiya xodimining ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda ko‘rsatilgan huquqlarga ega ekanligini va vakolatlardan foydalanishini tasdiqlaydi.

Administratsiya huzuridagi davlat organlari va tashkilotlari xodimlari ushbu tashkilotlar rahbarlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Administratsiya Rahbari bilan kelishilgan holda Administratsiya huzuridagi davlat organlari va tashkilotlaridagi lavozimlarga tayinlangan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning, harbiy bo‘linmalarning harbiy xizmatchilari (xodimlari) ushbu idoralarda harbiy xizmatda qoldirilishi (kadrlarning amaldagi zaxirasiga kiritilishi) mumkin.

 

12-modda. Administratsiya hujjatlari

Administratsiya Rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, topshiriqlari va tashabbuslari ijrosini tashkil etish maqsadida, shuningdek Administratsiya Rahbarining vakolatlariga oid masalalar bo‘yicha va qonunchilik hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududida barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan farmoyishlar yoki topshiriqlar chiqaradi.

Administratsiya Rahbarining farmoyishlari, agar ularning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, imzolangan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiya Rahbarining farmoyishlari va topshiriqlarini to‘xtatib turishi, bekor qilishi mumkin.

Administratsiya Rahbari o‘zi qabul qilgan hujjatlarning bajarilishi ustidan nazoratni bevosita, Administratsiya tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari yoki respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari orqali amalga oshiradi.

Administratsiya Rahbarining farmoyishlari va topshiriqlarini ishlab chiqish, kelishish va Administratsiya Rahbariga imzolash uchun kiritish hamda Administratsiya Rahbarining farmoyishlarini e’lon qilish tartibi Administratsiyaning reglamentida belgilanadi.

 

13-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalarini ishlab chiqish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining ijrosini tashkil etish hamda monitoring qilish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalari qonunchilik hujjatlarining ijrosi yuzasidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Administratsiya Rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarining tashabbusi bo‘yicha, ushbu organlar va tashkilotlar zimmasiga yuklatilgan vazifalarning ijrosi yuzasidan ishlab chiqiladi.

Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalarini mustaqil ravishda ishlab chiqishga haqli.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalarini tayyorlash, ko‘rib chiqish, imzolash hamda e’lon qilish Administratsiyaning reglamentiga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalarini vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqish, kelishish hamda Administratsiyaga kiritish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish, nazorat qilish hamda bajarish yuzasidan ijro intizomining holatini tizimli ravishda va tanqidiy jihatdan tahlil qilish qonunchilik hujjatlariga hamda Administratsiyaning reglamentiga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining, Administratsiya Rahbari farmoyishlari va topshiriqlarining ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlarni bevosita nazorat qilish hamda muvofiqlashtirish maqsadida Administratsiya Rahbari barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarida hamda O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik muassasalarida Administratsiya Rahbarining vakili lavozimini zaruratga ko‘ra joriy etishga haqli.

Administratsiya Rahbarining vakillari Administratsiya Rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

 

14-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi faoliyatini tashkil etish

Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, kuch ishlatishga vakolatli tuzilmalar hamda harbiy tuzilmalar, shuningdek tashqi ishlar siyosati uchun mas’ul idoralar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi tarkibiga kiritiladi hamda mazkur kengash ularning asosiy faoliyatini maqsadli boshqaruvchi va uyg‘unlikdagi hamkorligini ta’minlovchi oliy muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining raisi hisoblanadi hamda unga boshchilik qiladi.

Administratsiya Rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari hisoblanadi hamda ushbu kengash a’zolarining faoliyatini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining ishchi organi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati hisoblanadi.

Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qurolli Kuchlarga, mudofaaga, safarbarlikka, xavfsizlikka va favqulodda vaziyatlarga oid konstitutsiyaviy vakolatlarini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

 

15-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ustuvor yoki strategik deb belgilangan investitsiya, infratuzilma, sanoat, energetika, transport bo‘yicha loyihalarning, ijtimoiy va boshqa loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, monitoring va nazorat qilish

Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ustuvor yoki strategik deb belgilangan investitsiya, infratuzilma, sanoat, energetika, transport bo‘yicha loyihalarning, ijtimoiy va boshqa loyihalarning o‘z vaqtida, sifatli hamda natijali tarzda amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi, monitoring va nazorat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ustuvor yoki strategik deb belgilangan investitsiya, infratuzilma, sanoat, energetika, transport bo‘yicha loyihalarning, ijtimoiy va boshqa loyihalarning ro‘yxati, ularning maqsadli ko‘rsatkichlari, asosiy bosqichlari hamda yakuniy muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, qarorlariga, farmoyishlariga yoki topshirig‘iga asosan Administratsiya Rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

 

16-modda. Administratsiyaning Oliy Majlis palatalari bilan hamkorligi

Administratsiya Oliy Majlis palatalari bilan hamkorlik doirasida:

Oliy Majlis palatalari bilan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy muloqotni ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qonunchilik tashabbusi huquqi amalga oshirilishini ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlis palatalariga kiritiladigan dasturiy hujjatlarni va boshqa masalalarni tayyorlashni muvofiqlashtiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishliligi bo‘yicha Oliy Majlis palatalariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq taqdim etadigan lavozimlarga nomzodlar hamda boshqa masalalar bo‘yicha vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuborilgan qonunlarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilishini ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qonunni o‘z e’tirozlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga oid huquqi amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Administratsiyaning Oliy Majlis palatalari bilan hamkorligi qonunchilik hujjatlarida va Administratsiyaning reglamentida nazarda tutilgan boshqa masalalar bo‘yicha ham amalga oshirilishi mumkin.

 

17-modda. Administratsiyaning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning bo‘ysunuvidagi davlat organlari hamda tashkilotlari bilan aloqalari

Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (bundan buyon matnda Vazirlar Mahkamasi deb yuritiladi) va uning bo‘ysunuvidagi davlat organlari hamda tashkilotlari bilan aloqalari doirasida:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining ijrosini tashkil etish doirasida Vazirlar Mahkamasi hamda uning bo‘ysunuvidagi davlat organlari va tashkilotlarining idoralararo hamkorligini muvofiqlashtiradi, mazkur hujjatlarning ijrosini monitoring qiladi va nazoratini tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga murojaatnomasida bayon etilgan topshiriqlarning Vazirlar Mahkamasi va uning bo‘ysunuvidagi davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan samarali ijro etilishini ta’minlash chora-tadbirlarining monitoringini tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish hamda tugatish, ularning rahbarlarini qonunchilik hujjatlariga muvofiq lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining hujjatlarini to‘xtatish, bekor qilish bo‘yicha vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydi;

milliy rivojlanish strategiyalari, davlat dasturlari va milliy loyihalarning respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshirilishi bo‘yicha monitoringni tashkil etadi;

Vazirlar Mahkamasi va uning bo‘ysunuvidagi davlat organlari hamda tashkilotlari faoliyati samaradorligini tahlil qilishda ishtirok etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida o‘tkaziladigan Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga oid yig‘ilishlar va muhokamalarning tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan tayyorlanishini ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan kadrlar siyosatiga oid takliflarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq taqdim etilishini ta’minlaydi.

Administratsiya Rahbari yoki Administratsiyaning vakolat berilgan mansabdor shaxsi Vazirlar Mahkamasi, uning Rayosati, komissiyalari, kengashlari, davlat organlari va tashkilotlarining hay’atlari hamda boshqa kollegial organlari majlislarida o‘z fikr va mulohazalari bilan ishtirok etishga haqli.

Administratsiyaning Vazirlar Mahkamasi bilan aloqalari qonunchilik hujjatlarida va Administratsiyaning reglamentida nazarda tutilgan boshqa masalalar bo‘yicha ham amalga oshirilishi mumkin.

 

18-modda. Administratsiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan aloqalari

Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash hamda davlat siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi faoliyatiga ko‘maklashadi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari faoliyatini muvofiqlashtiradi, monitoring va nazorat qiladi.

Administratsiya:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining hududlarda ijro etilishi yuzasidan monitoringni tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatlar hokimlarini va Toshkent shahar hokimini tayinlash hamda lavozimidan ozod etish, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini, qonunlarini buzgan yoki hokimning sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan xatti-harakatlar sodir etgan tuman va shahar hokimlarini lavozimidan ozod etish, hokimlarning hujjatlarini to‘xtatish, bekor qilish bo‘yicha vakolatlari amalga oshirilishini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydi;

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish holatini monitoring qiladi;

hududlarning iqtisodiy, ijtimoiy, infratuzilmaviy va ekologik rivojlanish holati, aholining turmush darajasi hamda hududlar o‘rtasidagi tafovutlar tizimli ravishda tahlil qilinishini ta’minlaydi, aniqlangan muammolarning yechimi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga asoslangan takliflar kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir tashriflari, yig‘ilishlari va qarorlarini tayyorlashni, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni tashkil etadi.

Administratsiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari faoliyatiga oid vakolatlarini tashkil etish hamda ta’minlashga oid boshqa masalalar qonunchilik hujjatlarida va Administratsiyaning reglamentida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

 

19-modda. Administratsiyaning sud hokimiyati va sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorligi

Administratsiya sud hokimiyati va sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorlik doirasida:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hamkorlikka oid masalalar bo‘yicha takliflar va tahliliy materiallar tayyorlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan sud hokimiyati va sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorligiga oid vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydi;

sud-huquq sohasidagi islohotlarni muvofiqlashtiradi;

sud tizimini isloh qilishga doir takliflarni ishlab chiqadi;

sudlar va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati uchun zarur tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishini ta’minlaydi.

Administratsiya qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa masalalar bo‘yicha ham sud hokimiyati va sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorlikni amalga oshirishi mumkin.

 

20-modda. Administratsiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlari bilan aloqalari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlarining, mansabdor shaxslarning faoliyatini qonunchilik hujjatlariga binoan muvofiqlashtirish va uning natijadorligini baholashni tashkil etish Administratsiya tomonidan amalga oshiriladi.

Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlarining, mansabdor shaxslarning faoliyatini muvofiqlashtirish doirasida:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlarining, mansabdor shaxslarning faoliyati samaradorligini tahlil qiladi, sohalarga oid davlat siyosatini amalga oshirish monitoringini olib boradi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslarining hisobotlarini o‘z vakolatlari doirasida ko‘rib chiqadi, ularning faoliyatini baholaydi va uning samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlarining, mansabdor shaxslarning faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritadi.

Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlarining, mansabdor shaxslarning faoliyatini qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham muvofiqlashtiradi.

 

21-modda. Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan aloqalari

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, manfaatlar to‘qnashuvining hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish choralarini kuchaytirish maqsadida tashkil etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati Administratsiyaning Komplayens xizmati tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosarlari (maslahatchilari) Administratsiya Rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda ular o‘z faoliyati davomida Administratsiyaning vakili maqomiga ega bo‘ladi.

Administratsiya Komplayens xizmatining davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan aloqalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan tartibda hamda «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.

 

3-bob. Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlari

22-modda. Administratsiyaning mansabdor shaxslarini, boshqaruv va xizmatchi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish

Administratsiya mansabdor shaxslarining, boshqaruv va xizmatchi xodimlarining ish haqi lavozim maoshidan hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan iboratdir.

Administratsiyaning mansabdor shaxslarini, boshqaruv va xizmatchi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

23-modda. Administratsiya mansabdor shaxslarining, boshqaruv va xizmatchi xodimlarining ijtimoiy ta’minoti

Administratsiyaning mansabdor shaxslariga, boshqaruv va xizmatchi xodimlariga haq to‘lanadigan yillik ta’tillar beriladi.

Administratsiyaning ishlash uchun boshqa hududlardan taklif qilingan hamda Toshkent shahrida uy-joyga ega bo‘lmagan mansabdor shaxslariga, boshqaruv va xizmatchi xodimlariga lavozimda bo‘lish vaqtida zaruratga ko‘ra, ularning arizasiga binoan xizmat uy-joyi beriladi.

Administratsiyaning mansabdor shaxslarini, boshqaruv va xizmatchi xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimi kafolatlangan tibbiy yordamdan hamda sanatoriy-sog‘lomlashtirish xizmatlaridan ushbu mansabdor shaxslar, xodimlar va ularning oila a’zolari (turmush o‘rtog‘i, farzandlari va ota-onasi) tomonidan foydalanish hamda boshqa ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali amalga oshiriladi.

Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari uchun avvalgi ish joyida berilgan harbiy va maxsus unvonlar (martaba (malaka) darajalari, malaka toifalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun berilgan ustamalar va qo‘shimcha to‘lovlar saqlab qolinadi.

Administratsiya mansabdor shaxslarining, boshqaruv va xizmatchi xodimlarining Administratsiyadagi uzoq muddatli xizmatlari uchun qo‘shimcha ustamalar belgilashda ularning boshqa organlar, tashkilotlar va muassasalardagi ish staji (xizmat davri) inobatga olinadi.

Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari avvalgi ish joyi bo‘yicha xodimlar uchun belgilangan barcha imtiyozlar, moddiy va ijtimoiy himoya choralaridan Administratsiya tarkibiy bo‘linmalarida amalda bo‘lgan mehnat sharoitlari hisobga olingan holda hamda lavozim maoshi va boshqa to‘lovlar miqdorlari saqlangan holda foydalanadi.

Administratsiyaning tarkibiy bo‘linmalarida ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni (martaba (malaka) darajalarini, malaka toifalarini, diplomatik darajalarni va boshqalarni) olish uchun zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shiladi.

Qonunchilik hujjatlariga muvofiq Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari uchun qo‘shimcha ijtimoiy ta’minot choralari belgilanishi mumkin.

 

24-modda. Administratsiyaning mansabdor shaxslarini va boshqaruv xodimlarini huquqiy jihatdan himoya qilish kafolatlari 

Administratsiyaning mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlari o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi chog‘ida davlat himoyasida bo‘ladi.

Administratsiya mansabdor shaxslarining va boshqaruv xodimlarining o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishiga monelik qilish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini haqorat qilish, ularga nisbatan tahdid yoki zo‘rlik qilish, o‘z faoliyatini amalga oshirishi munosabati bilan ularning hayotiga, sog‘lig‘iga va mol-mulkiga tajovuz qilish qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Administratsiyaning mansabdor shaxslariga va ularning oila a’zolariga (turmush o‘rtog‘iga, farzandlariga va ota-onasiga) umrbod, Administratsiyaning boshqaruv xodimlariga Administratsiyadagi faoliyati davriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan tartibda biometrik diplomatik pasportlar beriladi.

Administratsiyaning mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlari hamda ularning oila a’zolari (turmush o‘rtog‘i, farzandlari va ota-onasi) xavfsizligini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.

 

25-modda. Administratsiya mansabdor shaxslarining va boshqaruv xodimlarining daxlsizlik kafolatlari

Administratsiyaning mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlari daxlsizlikka hamda immunitetga ega bo‘ladi.

Administratsiya mansabdor shaxslarining va boshqaruv xodimlarining daxlsizligi ularning va ular oila a’zolarining (turmush o‘rtog‘ining, farzandlarining va ota-onasining) shaxsiy hayotiga, turar joyiga, xizmat xonasiga, ular foydalanadigan shaxsiy va xizmat transport vositasiga hamda aloqa va kommunikatsiya vositasiga, xat-xabarlariga, yozishmalariga, elektron ma’lumotlariga, ularga tegishli ashyolar va hujjatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Administratsiyaning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga, ularni jinoiy javobgarlikka tortishga, ularning huquqlari va erkinliklarini cheklaydigan boshqa har qanday protsessual majburlov choralarini qo‘llashga, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirishga, surishtiruv, tergov harakatlari o‘tkazishga yoki ma’muriy qamoq jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Administratsiyaning boshqaruv xodimlari o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish hamda vakolatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq holda qabul qilgan qarorlari, sodir etgan harakatlari yoki harakatsizligi, bildirgan fikrlari va bergan ko‘rsatmalari uchun jinoiy, ma’muriy yoki fuqaroviy javobgarlikka tortilmaydi.

Administratsiyada o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish hamda vakolatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan harakat yoki harakatsizlik uchun Administratsiyaning boshqaruv xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yozma roziligisiz jinoyat ishini qo‘zg‘atish, ularni jinoiy javobgarlikka tortish, ularning huquqlari va erkinliklarini cheklaydigan boshqa har qanday protsessual majburlov choralarini qo‘llash, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, surishtiruv, tergov harakatlari o‘tkazish yoki sud tartibida ma’muriy jazo va huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Administratsiyaning boshqaruv xodimi Administratsiyada ishlab turganida va (yoki) ishdan bo‘shatilganidan keyin unga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.

Administratsiyaning boshqaruv xodimiga nisbatan Administratsiyada ishlab turganida va (yoki) ishdan bo‘shatilganidan keyin qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudloviga tegishlidir.

Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organlari tomonidan maxfiylik asosida hamkorlikka jalb qilinishi, shu jumladan Administratsiyadan bo‘shatilganidan keyin ham jalb qilinishi taqiqlanadi.

Administratsiyaning mansabdor shaxslari ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda belgilangan daxlsizlik va immunitetni Administratsiyadan bo‘shatilganidan keyin umrbod, boshqaruv xodimlari esa Administratsiyadan bo‘shatilganidan keyin besh yil davomida saqlab qoladi.

Ushbu moddada belgilangan qoidalarni buzgan holda olingan dalillar qonun hujjatlarini buzgan holda olingan deb hisoblanadi va nomaqbul dalillar deb topiladi.

Qonunchilik hujjatlariga ushbu moddada nazarda tutilgan daxlsizlikka oid qoidalarni bekor qilishga, og‘irlashtirishga yoki daxlsizlik qo‘llaniladigan shaxslarning holatini yomonlashtirishga olib keladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan taqdirda, bunday o‘zgartirishlar Administratsiyaning ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda belgilangan qoidalar qo‘llaniladigan mansabdor shaxslariga va boshqaruv xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi, shu jumladan ular Administratsiyadan bo‘shatilganidan keyin ham tatbiq etilmaydi.

 

26-modda. Administratsiyaning mansabdor shaxslarini va boshqaruv xodimlarini ishga joylashtirish kafolatlari

Administratsiyaning mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlari Administratsiyadagi lavozimidan ozod etilgan hollarda ularga Administratsiyaga ishga kelguniga qadar egallab turgan avvalgi lavozimidan kamida bir pog‘ona yuqori darajadagi lavozim beriladi, avvalgi lavozimidan yuqori lavozim mavjud (bo‘sh) bo‘lmaganda esa avvalgi lavozimiga teng lavozimi yoki ularning mutaxassisligi hisobga olingan holda O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari va tashkilotlaridagi kamida bir pog‘ona yuqori yoki teng darajadagi lavozim birinchi navbatda beriladi, bundan saylanadigan yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari bilan tayinlanadigan lavozimlardan Administratsiyaga ishga o‘tganlik, mehnat intizomini buzganlik uchun ishdan bo‘shatilish hollari mustasno.

 

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

27-modda. Administratsiyaning faoliyatini moliyalashtirish

Administratsiyaning faoliyati O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari, shuningdek qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Administratsiyada budjetdan tashqari jamg‘armalar tuzilishi mumkin, ularni shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

Administratsiya qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shakllantiriladigan xizmat uy-joy fondiga ega bo‘lishi mumkin.

Administratsiya o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun axborot-kommunikatsiya tizimlarini va axborot bazalarini, shuningdek axborotning himoya vositalarini, shu jumladan kriptografik himoya vositalarini ishlab chiqadi, yaratadi hamda ulardan foydalanadi, O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari va tashkilotlarining shu kabi tizimlaridan va axborot bazalaridan Administratsiya ishini samarali ravishda amalga oshirish maqsadida, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanadi.

 

28-modda. Administratsiyada ma’lumotlarni himoya qilish

Administratsiyada davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarning himoya qilinishi, shu jumladan kriptografik vositalarni qo‘llagan holda texnik jihatdan himoya qilinishi ta’minlanadi.

Administratsiyada maxfiy ish yuritish davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Bunda Administratsiyada maxfiylik rejimini ta’minlash, unga rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil etish hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablarini bajarish yuzasidan tekshirish tadbirlarini o‘tkazish Administratsiyaning Komplayens xizmati tomonidan amalga oshiriladi.

 

29-modda. Administratsiyaning hujjatlari ustidan, Administratsiya mansabdor shaxslarining, boshqaruv va xizmatchi xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish

Administratsiyaning hujjatlari ustidan, Administratsiya mansabdor shaxslarining, boshqaruv va xizmatchi xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

 

30-modda. Administratsiya to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Administratsiya to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

 

31-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish

1. O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentyabrda qabul qilingan «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi 913–XII-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 9, 320-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 9, 241-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 418-modda; 2007-yil, № 4, 163-modda, № 9, 420-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2013-yil, № 12, 350-modda; 2014-yil, № 4, 86-modda, № 5, 130-modda; 2015-yil, № 6, 228-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 8, 383-modda, № 9, 510-modda, № 12, 772-modda; 2018-yil, № 7, 431-modda; 2019-yil, № 1, 4-modda, № 11, 792-modda, № 12, 891-modda; 2020-yil, № 9, 537-modda; 2021-yil, № 1, 3, 7, 13-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 12, 1198-modda; 2022-yil, № 3, 213-modda, № 6, 570, 577-moddalar, № 10, 984-modda; 2023-yil, № 1, 2-modda, № 10, 794-modda, № 12, 1003-modda; 2024-yil, № 8, 823-modda, № 10, 1075-modda; 2026-yil, № 4, 365-modda) 21-moddasining to‘rtinchi qismidagi «O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bilan kelishilgan holda» degan so‘zlar «O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan belgilanadigan tartibda» degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi 474–I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 9, 232-modda; 1998-yil, № 5–6, 102-modda; 1999-yil, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 7–8, 217-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda, № 9–10, 182-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 5, 152-modda, № 9, 312-modda, № 12, 415-modda; 2006-yil, № 10, 536-modda; 2007-yil, № 12, 608-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 12, 474-modda; 2010-yil, № 9, 336-modda; 2012-yil, № 4, 105-modda; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 12, 385-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 12, 773-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 166-modda, № 5, 267-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 3, 215-modda; 2026-yil, № 6, 625-modda) 10-moddasining ikkinchi qismidagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan» degan so‘zlar «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan tartibda lavozimga» degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 25-dekabrda qabul qilingan «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi O‘RQ–344-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 12, 335-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 9, 506-modda, № 10, 605-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda, № 2, 47-modda, № 9, 589-modda, № 12, 891-modda; 2020-yil, № 12, 689-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 6, 524-modda; 2024-yil, № 3, 244-modda) 17-moddasining ikkinchi qismi «sudyalar» degan so‘zdan keyin «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining xodimlari» degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 16-sentyabrda qabul qilingan «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi O‘RQ–407-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 9, 272-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 9, 588, 591-moddalar, № 10, 674-modda, № 12, 891-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 5, 466-modda, № 6, 570-modda, № 10, 984-modda; 2023-yil, № 7, 537-modda; 2024-yil, № 3, 244-modda, № 9, 958, 964-moddalar, № 11, 1291-modda; 2025-yil, № 12, 1329-modda; 2026-yil, № 1, 2-modda, № 4, 355-modda, № 5, 499-modda) 14-moddasining ikkinchi qismidagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan» degan so‘zlar «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan tartibda» degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 20-aprelda qabul qilingan «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi O‘RQ–682-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 288-modda; 2022-yil, № 3, 213-modda, № 8, 788-modda, № 10, 983-modda; 2023-yil, № 8, 629-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 109-modda, № 9, 955-modda, № 10, 1075, 1076-moddalar; 2025-yil, № 4, 516-modda; 2026-yil, № 3, 256-modda) quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin:

1) 6-modda:

quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining farmoyishlari»;

oltinchi, yettinchi va sakkizinchi xatboshilari tegishincha yettinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;

2) quyidagi mazmundagi 121-modda bilan to‘ldirilsin:

«121-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining farmoyishlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari asosida hamda ularning ijrosini, Administratsiyaning faoliyatini samarali tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan farmoyishlar qabul qiladi»;

3) 16-moddaning uchinchi qismi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari» degan so‘zlardan keyin «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining farmoyishlari» degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;

4) 36-modda:

quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining farmoyishlariga nisbatan – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbari»;

oltinchi – to‘qqizinchi xatboshilari tegishincha yettinchi – o‘ninchi xatboshilar deb hisoblansin.

6. O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 25-oktabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi O‘RQ–982-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2024-yil, № 10, 1081-modda; 2025-yil, № 12, 1327-modda; 2026-yil, № 4, 365-modda) 20-moddasiga quyidagi o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin:

yettinchi qism quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi»;

quyidagi mazmundagi sakkizinchi qism bilan to‘ldirilsin:

«Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi»;

sakkizinchi – o‘n uchinchi qismlar tegishincha to‘qqizinchi – o‘n to‘rtinchi qismlar deb hisoblansin.

 

32-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

 

33-modda. Qonunchilikni ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiqlashtirsin;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

 

34-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Konstitutsiyaviy Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

 

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti

Sh. Mirziyoyev



Manba:president.uz

24 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech