1991-yil 18-noyabr — mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng muhim va unutilmas sanalardan biridir. Bundan 35 yil muqaddam xalqimizning asriy orzu-umidlari, g‘urur va iftixori timsoli bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilindi.
Davlat bayrog‘i milliy suverenitetimiz, ozod va obod Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi hamda xalqimizning yakdilligini o‘zida mujassam etgan muqaddas ramzdir. Undagi har bir rang va belgi yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, musaffo osmon, bahoriy yangilanish, poklik hamda porloq kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchimizni ifodalaydi. Xalqaro sport arenalari, nufuzli anjumanlar va ilm-fan maydonlarida bayrog‘imizning baland ko‘tarilishi har bir yurtdoshimiz qalbida cheksiz faxr tuyg‘usini uyg‘otadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi jamoasi barcha yurtdoshlarimizni ushbu qutlug‘ sana — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun bilan samimiy muborakbod etadi. Barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga fayzu baraka, Vatanimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Mustaqilligimiz ramzi bo‘lgan bayrog‘imiz doimo balandlarda hilpirab tursin. Jonajon Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilish barchamiz uchun hamisha oliy sharafdir.

