Bugungi kunda korrupsiya muammosiga jahonning deyarli har bir mamlakatida duch kelish mumkin. Korrupsiya so‘nggi yillarda xalqaro miqyosda transmilliy jinoyat sifatida keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biridir.
Ta’kidlash joizki, korrupsiya keltiradigan zarar barcha davlatlar uchun teng sanalib, mazkur illat davlatning turli sohalariga, xususan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliy hayotga tatbiq etilmoqda.
Joriy yilning 23-iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Ushbu qonunda davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vakolatlari, huquq va majburiyatlari ham alohida modda bilan belgilab berilgan.
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiya holatlariga hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish sohasidagi huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan lavozim, xizmat va (yoki) bo‘linmadan iborat komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega bo‘ladi.
Davlat organi va tashkiloti birinchi rahbarlarining korrupsiyaga oid huquqbuzarliklari alomatlari aniqlanganda yoki jinoiy guruh faoliyatiga rahnamolik qilayotgan deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lganda ularning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari yuqori turuvchi komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati bilan kelishgan holda tegishli hujjatlar va ma’lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etish, shuningdek kadrlar masalasi va moliyaviy xarajatlar bo‘yicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish huquqini vaqtincha to‘xtatish yoki tegishli rahbarni yoxud xodimni vazifasini bajarishdan vaqtincha chetlatish borasida taklif kiritish vakolatiga ega bo‘ladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Komplayens xizmati muvofiqlashtirib boradi.
Korrupsiyaga qarshi komplayens nazorati – davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash va chek qo‘yish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni o‘zida mujassam etgan profilaktik tizimdir.
Islom HAMROQULOV
Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudi raisi
Elyor XASANOV
Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudi devonxona mudiri

