Joriy yilning 22 iyun kuni Samarqand viloyat sudida seminar yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Yigʼilishda Samarqand viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʼyicha sudlov hayʼati sudьyalari, tumanlararo, tuman va shahar iqtisodiy sudlarining sudьyalari, Oʼzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi xodimlari hamda sud (tugatish) boshqaruvchilari ishtirok etdi.
Raislik qiluvchi Sh.Mamadiyarov yigʼilishni ochib, soʼzida - sud boshqaruvchilari tugatish ishlarini paysalga solib, muddatlarni atayin buzishi, bu bilan qarzdor va debitor qarzi mavjud korxonalarning mansabdor shaxslari bilan xufiyona til biriktirish ogʼir jinoiy qilmish ekanligi, buning salbiy oqibati juda ogʼirligini gapirib, sud boshqaruvchilaridan muddatlarga rioya etish, oraliq hisobotlarida amalga oshirgan barcha ishlarini koʼrsatib, muddatida sudlarga topshirish, sudьyalarga esa oraliq hisobotlarni sud boshqaruvchining ishtirokida, sud majlisida operativ ravishda qisqa muddatlarda koʼrib chiqish, uning natijalariga muvofiq sud tomonidan munosabat bildirilishi shartligi uqtirildi.
Shundan soʼng, soʼz Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boʼlim boshligʼi А.Ibragimovga berildi. U oʼz soʼzida sud boshqaruvchilardan halol va faqat qonun asosida ishlashi haqida tilxat olinganligini, faoliyatni “Toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi qonuniga asosan qatʼiyatlik bilan amalga oshirish shartligi, korruptsion holatlarga yoʼl qoʼymaslik zarurligi, boshqarma sud boshqaruvchilarining faoliyatini jiddiy nazoratga olganligini gapirdi.
Shuningdek, sudьya Oʼ.Murodov soʼzga chiqib, u oʼz soʼzida tugatish ishlari olib borilayotgan korxonalarning statistik maʼlumotlarini tugatish muddatlari va sud boshqaruvchilari kesimida amalga oshirilgan tahlil haqida batafsil gapirib berdi. Xususan,
2023 yil 31 dekabrь holatiga tugatishga doir ish yuritish muddati bir yildan oshgan 36 ta toʼlovga qobiliyatsiz (bankrot) korxonalar mavjudligi, shulardan 2024 yil 27 mart holatiga 10 tasi boʼyicha qarzdorlarning toʼlov qobiliyatsizligi tiklanganligi (sogʼlomlashtirilganligi) yoki tugatishga doir ish yuritish yakunlanganligi va qarzdorlar davlat reestridan chiqarilganligini maʼlum qildi.
2024 yil 14 iyunь holatiga viloyat iqtisodiy sudlarining ish yurituvida tugatishga doir ish yuritish muddati bir yildan oshgan 66 ta toʼlovga qobiliyatsiz (bankrot) korxonalar mavjud. Shundan 1 tasi boʼyicha tashqi boshqaruv joriy etilganligi, 15 tasi boʼyicha debitorlik qarzlarni undirish yuzasidan sudga daʼvo arizalar kiritilganligi, 4 tasi boʼyicha mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʼzgʼatilganligi, 14 tasi boʼyicha aniqlangan mol-mulklar auktsion savdolariga qoʼyilganligi, 6 tasi boʼyicha qarzdor taʼsischilari tomonidan qarzdorlikni toʼlash choralari koʼrilayotganligi, 21 ta ish boʼyicha tugatish ishlari oʼz holiga tashlab qoʼyilganligi hamda 5 tasi boʼyicha axborot tizimidagi texnik xatolik sababli qarzdor davlat roʼyxatidan chiqarilmaganligi sababli qonunda belgilangan tugatish ishlari muddati oʼtkazib yuborilgan boʼlib, hozirga qadarli ham tugatish ishlari yakunlanmagan.
Shundan soʼng, tugatilayotgan korxonalar roʼyxati boʼyicha muammolari toʼgʼrisida sud boshqaruvchilari bilan tahlil qilindi. Ularning yoʼl qoʼygan xato va kamchiliklari koʼrsatilib, zudlik bilan hal qilinishi lozim boʼlgan choralari belgilab berildi.
Bundan tashqari, soddalashtirilgan tartibda bankrot deb eʼtirof etilgan mol-mulki aniqlanmagan qarzdorlarni tugatishga oʼrta hisobda 45 – 60 kun ketishi, bunday qarzdor korxonalarni tugatishni oʼz holiga tashlab qoʼyish javobgarlik chorasini koʼrishga sabab boʼlishi;
Soddalashtirilgan tartibda berilgan arizalarda - soliq toʼlovchining shaxsiy varaqasidan berilgan koʼchirmadagi soliq turlariga eʼtibor qaratish zarurligi, unda yer soligʼi va mulk soligʼidan qarzi mavjud boʼlsa, soliq organiga topshirilgan hisobotlarni talab qilish shartligiga eʼtibor qaratishni, ishlarni tahlili, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʼrilgan ishlarda qarzdorlarning koʼchmas mulki, yer uchastkalari borligi, tugallanmagan xarajatlari ham mavjudligi aniqlanganligi;
Tugatish boshqaruvchilari esa oʼz vazifalariga lozim darajada yondoshmaganligi – mulklarni qidirish, ularni saqlash, sotish va realizatsiyadan tushgan mablagʼlarni kreditorlarga vaqtida taqsimlanmaganligi, yakuniy hisobotni berishni asossiz choʼzganligi;
Sudьyalar sud boshqaruvchilarini tugatish jarayonida arizasiga asosan obʼektiv sabab boʼlmasada ozod etib, oʼrniga boshqa sud boshqaruvchisini tayinlaganligi, oraliq hisobotlarni xatto oʼqib koʼrmaganligi;
Tugatish jarayonida sud va tugatish boshqaruvchi oʼrtasida hamkorlik va buning oqibatida nazorat yetarli emasligi, yakuniy hisobot tasdiqlanib, qarzdorni yagona reestrdan chiqarish choralari koʼrilmaganligi, maʼlumotlarni Davlat xizmatlari agentligidan talab qilib olinib, sudga taqdim qilmaganligi kabi kamchiliklar tugatish ishlarini choʼzilishiga sabab boʼlayotgaligi aytib oʼtildi.
Shu bilan birga, oʼz vazifasini lozim darajada bajarmagan, vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan tugatish boshqaruvchilari Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 232 (Sud hujjatini ijro etmaslik) va 207 (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) moddalariga asosan ish qoʼzgatish masalasini hal qilish uchun prokuratura organlariga xususiy ajrim chiqarilishi borasida qattiq ogohlantirildi.
Yigʼilish yakunida - tugatish boshqaruvchilarining tugatishga doir ish yuritish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarini bartaraf etish boʼyicha ishtirokchilar oʼrtasida savol-javoblar boʼlib oʼtdi.
Samarqand viloyat sudi sudьyasi
I.Xamroqulov
Davaktiv agentligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi
А.Ibragimov