Yangiliklar

11 Dekabr 2025

“Samarqand avtomobil zavodi” MChJ QK ustav kapitalidagi 75,2 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonlari yakunlandi

Avval xabar berilganidek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Samarqand avtomobil zavodi” MChJ QK (keyingi oʻrinlarda — SamAuto) ustav kapitalidagi 75,2 foiz davlat ulushini Turkiyaning yirik tijorat va sanoat guruhlaridan biri boʻlgan "Anadolu Group" tarkibidagi "Anadolu Isuzu" kompaniyasiga (keyingi oʻrinlarda — Investor) sotish boʻyicha kelishuvga erishgan edi.

 

Unga muvofiq, Investor tomonidan davlat ulushi uchun 80 mln AQSh dollari miqdorida sotib olish toʻlovini amalga oshirishi hamda korxonani rivojlantirish maqsadida loyihaning texnik-iqtisodiy baholashi natijasida shakllantirilgan xulosa va tavsiyalar asosida qoʻshimcha 80 mln AQSh dollari hajmida investitsiya kiritishi kelishilgan.

 

Bitimni amalga oshirish uchun Investor tomonidan Turkiya Respublikasining tegishli tartibga soluvchi organlaridan barcha zarur ruxsatnomalar olinib, SamAuto ustav kapitalidagi 75,2 foiz davlat ulushini sotib olish boʻyicha joriy yil 19-noyabr kuni oldi-sotdi shartnomasi imzolandi va 9-dekabr kuni 80 mln AQSh dollari miqdoridagi sotib olish toʻlovi Davlat aktivlari agentligining Xususiylashtirish jamgʻarmasiga kelib tushdi.

 

Oʻz navbatida, Xususiylashtirish jamgʻarmasidan 1 trln. soʻm miqdordagi mablagʻlar joriy yil 10-dekabr kuni Respublika byudjetiga oʻtkazildi.

 

Shu bilan birga, Investorning investitsiya majburiyatlarini amalga oshirishi doirasida tegishli investitsiya shartnomasi rasmiylashtiriladi.

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mazkur xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etgan barcha manfaatdor tomonlarga, shuningdek, xalqaro professional maslahatchilar "KPMG" xalqaro kompaniyasi va "Dentons" xalqaro yuridik kompaniyasiga minnatdorchilik bildiradi.

0 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech