Matn: Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullangan yangi qonun hujjatlariga muvofiq, mamlakatimizda fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoya qilish, ko‘chmas mulk bozorini qonuniylashtirish hamda yer munosabatlarini tartibga solish yo‘nalishida muhim yengilliklar va imtiyozlar joriy etilmoqda. Xususan, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda barpo etilgan uy-joylar, bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqini rasmiylashtirish jarayonlari sezilarli darajada soddalashtirildi.
Yangi qonunchilik normalariga ko‘ra belgilanayotgan asosiy qulayliklar:
-
Arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari 3 barobarga qisqartirildi: Fuqarolar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish va jamoatchilik uchun e’lon qilishning umumiy muddati 150 kundan 50 kunga tushirildi.
-
Moliyaviy majburiyatlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash tizimi joriy etildi: O‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlarga mulk huquqini rasmiylashtirishda belgilangan bir martalik to‘lovni fuqarolarning iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, bosqichma-bosqich (bo‘lib-bo‘lib) to‘lash imkoniyati yaratilmoqda.
-
20 kun ichida to‘lov qilganlar uchun 50 foizlik chegirma: Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun hisoblangan bir martalik to‘lovning 50 foizi 20 kunlik muddat ichida to‘langan taqdirda, fuqaro to‘lovning qolgan qismini to‘lashdan butunlay ozod etiladi.
-
Kichik miqdordagi qarzdorliklar to‘siq bo‘lmaydi: Agar ob’yektga tegishli majburiy to‘lovlar bo‘yicha mavjud qarzdorlik summasi Bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 30 baravarigacha (12 mln 360 ming so‘m) bo‘lsa, bu holat ushbu mulkka nisbatan egalik huquqini olishga monelik keltirib chiqarmaydi.
Ushbu islohotlar fuqarolarning ko‘p yillik muammolarini ijobiy hal etish, ularning mulkiy huquqlarini huquqiy jihatdan kafolatlash hamda ko‘chmas mulklarni qonuniy muomalaga kiritish orqali iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.

