2026-yil 15-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati boshqarmasida iqtisodiy sud amaliyoti, mediatsiya institutining huquqiy asoslari, iqtisodiy sudlarda ishlarni kelishuv bitimi asosida yakunlash amaliyoti, iqtisodiy sudlarga kiritiladigan da’vo arizalari sifati hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikdagi yangiliklarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Samarqand viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari, Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudi vakillari, tijorat banklari yuristlari hamda Savdo-sanoat palatasiga a’zo tashkilotlarning yuridik xizmat xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, mazkur qonun mediatsiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, fuqarolik-huquqiy, tadbirkorlik, bank, sug‘urta, mehnat va oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda mediatsiyani qo‘llash imkoniyatlarini belgilaydi.
Mediatsiya maxfiylik, ixtiyoriylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi hamda xolisligi tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Mediatsiya faqat taraflarning o‘zaro roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘llaniladi hamda taraflar istalgan bosqichda undan voz kechish huquqiga ega. Tomonlar nizoni o‘zaro maqbul kelishuv asosida hal etish uchun masalalarni erkin muhokama qiladi va mediatsiya jarayonida yarashishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, mediatsiya jarayonida jismoniy va yuridik shaxslar taraf sifatida ishtirok etishi, mediatsiya bir yoki bir nechta mediator tomonidan amalga oshirilishi, tomonlarning esa shaxsan yoki vakillari orqali qatnashishi mumkinligi qayd etildi.
Tadbir davomida mediatsiya taraflarining huquq va majburiyatlari, mediatorlarni tayyorlash va faoliyat yuritish tartibi haqida ham batafsil tushuntirishlar berildi. Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, maxsus o‘quv kurslarini tamomlagan, malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan va Mediatorlar reyestriga kiritilgan shaxslar mediatorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkinligi ta’kidlandi.
Davra suhbatining navbatdagi qismida iqtisodiy sudlarda ishlarni kelishuv bitimi va mediativ kelishuv asosida yakunlashning ahamiyati muhokama qilindi. Amaldagi iqtisodiy protsessual qonunchilikka ko‘ra, sudlar taraflarning o‘zaro kelishuvga erishishi uchun zarur choralarni ko‘radi hamda nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishga ko‘maklashadi.
Qonunchilikka muvofiq, taraflar nizoni kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish orqali hal etishi mumkin. Kelishuv bitimi iqtisodiy sud ish yurituvining istalgan bosqichida, shu jumladan sud hujjatlarini ijro etish jarayonida ham tuzilishi mumkin. Mediativ kelishuv esa birinchi instansiya sudida sud qarori qabul qilinishidan oldin tuzilishi mumkin.

Kelishuv bitimlarida taraflarning majburiyatlarni bajarish muddatlari va shartlari, qarzdorlikni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, talab qilish huquqidan voz kechish, qarzni tan olish yoki undan voz kechish, sud xarajatlarini taqsimlash kabi masalalar aks ettirilishi mumkinligi qayd etildi.
Tadbir davomida iqtisodiy sudlarga taqdim etiladigan da’vo arizalarining sifati ham muhokama qilindi. Amaliyotda ayrim hollarda da’vo arizalarida nizolashilayotgan summaning hisob-kitobi, huquqiy asoslar va zarur dalillar yetarli darajada ko‘rsatilmayotganligi qayd etildi. Shu munosabat bilan yuridik xizmat xodimlariga da’vo arizalarini amaldagi protsessual qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilgan holda tayyorlash tavsiya etildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 23-iyunda qabul qilingan “Ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati ham keng yoritildi.
Qonun bilan korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestrini yuritish, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, hududiy korrupsiyaga qarshi kurashish kengashlari faoliyatini takomillashtirish, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining vakolatlarini kengaytirish kabi qator yangiliklar joriy etilganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida komplayens nazorat tizimlarini yanada kuchaytirish, korrupsion xavf-xatarlarni baholash, korrupsiyaga moyil lavozimlarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda davlat xaridlarida narxlarning shakllanishi ustidan nazoratni takomillashtirishga qaratilgan yangi mexanizmlar haqida ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi. Shuningdek, amaliyotda uchrayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, mediatsiya institutidan samarali foydalanish hamda iqtisodiy sudlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
SamDavaktiv matbuot xizmati

